× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Ulugʻbek Tashkenbayev: “Pandemiyaning salbiy taʼsirini bartaraf etishda asosiy eʼtiborni taʼlimga qaratyapmiz”

7 May 2022

Joriy yilning 6-may kuni “Markaziy Osiyoda taʼlim transformatsiyasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bilan 30 yillik hamkorligi munosabati oʻtkazilgan tadbirda Markaziy Osiyo va butun dunyo miqyosidagi xalqaro taʼlim sohasining professionallari mintaqada taʼlim sohadagi roʻy berayotgan oʻzgarishlarni muhokama qilishdi.

Gibrid formatda (onlayn va oflayn) tashkil qilingan davra suhbatida Jahon bankining taʼlim amaliyoti rahbari janob Garri Patrinosning asosiy nutqidan soʻng hududiy ekspertlar hamda yakunda mintaqadagi davlatlarning taʼlim boshqaruvi va nazorati organlari vakillari maʼruza qilishdi.

Maʼlumki, COVID-19 pandemiyasi oʻquvchilar, oʻqituvchilar, oilalar va jamoalarga taʼsir qildi. Maktablar yopilishining taʼlim natijalariga halokatli taʼsiri butun avlodning rivojlanish istiqbollariga tahdid qilmoqda. Taʼlim imkoniyatlarining etishmasligi global miqyosda pandemiyadan oldingi 53% dan hozirgi vaqtda taxminan 70% gacha oʻsishi prognoz qilinmoqda. Bundan tashqari, 24 million bola butunlay maktabdan qolib ketish xavfi ostida.

Davra suhbatida soʻz olganlar butun dunyo mamlakatlari pandemiyadan qutula boshlagan bir paytda, Jahon banki guruhi va hamkorlari inson kapitalini tiklash va qayta qurish markaziga odamlarni qoʻyish muhimligini targʻib qilayotganini taʼkidlashdi. Xususan, taʼlimda islohotlar orqali undagi boʻshliqlarni toʻldirish va natijalarini oʻzgartirish uchun har bir avlodda bir marta beriladigan imkoniyat mavjudligi aytib oʻtildi. Shuningdek, ikki yildan ortiq vaqt davomida taʼlim tizimlari pandemiyaga moslashgani va bu moslashuv mamlakatlar tizimlarini oʻzgartirish, oʻquvchilarning oʻrganish va oʻqituvchilarning dars berish usullarini oʻzgartirish uchun ragʻbatlarni yaratayotgani maʼlum qilindi.

Xalqaro davra suhbatida Oʻzbekiston vakili sifatida maʼruza qilgan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Jahon banki vakillariga taʼlim sohasini isloh qilish boʻyicha koʻrsatib kelinayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirar ekan, hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.

– Yoshlar – Oʻzbekistonning eng katta boyligi va kelajagining bunyodkorlaridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida “inson kapitaliga investitsiya qilish orqali” Yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevorini barpo etish va xalq farovonligini oshirish boʻyicha keng islohotlar olib borilmoqda.

Afsuski, pandemiya taʼlimga katta salbiy koʻrsatdi. Pandemiya sababli taʼlimda 1,5 yil yoʻqotildi. Taʼlim oluvchilarning oʻzlashtirishida boʻshliqlar yuzaga keldi.

Biz bu yoʻqotishlar oʻz navbatida iqtisodiy oʻsish va xalq farovonligiga salbiy taʼsir koʻrsatishini hamda uzoq vaqt davomida saqlanib qolishini tushunib yetgan holda asosiy eʼtiborni taʼlimga qaratyapmiz.

Xususan, Oʻzbekistonni 2022-2026-yillarda rivojlantirish boʻyicha yettita yoʻnalishdan iborat Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi va inson kapitalini rivojlantirish aynan toʻrtinchi yoʻnalish sifatida belgilandi.

Jahon bankining moliyaviy va texnik koʻmagida uzluksiz taʼlimning barcha boʻgʻinlarida taʼlimdagi yoʻqotishlarni baholash boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilmoqda va pandemiyaning salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha aniq dalillarga asoslangan islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Taʼlim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi, YUNESKO va Yevropa Komissiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Taʼlimdagi uzilishlar haqidagi soʻrovlarga javoblar” REDS tadqiqotida ishtirok etdi va hozirda Taʼlim inspeksiyasi Jahon banki bilan hamkorlikda pandemiyaning taʼlimga taʼsirini baholash boʻyicha tadqiqot natijalari tahlilini yakunlamoqda.

Pandemiya vaqtida qoʻllanilgan masofaviy taʼlim resurslari va texnologiyalaridan foydalanishni toʻxtatmasdan, mustaqil taʼlimni amalga oshirishda ulardan faol foydalanishni yoʻlga qoʻydik. Televideniyada onlayn darslar doimiy olib borilyapti, masofaviy taʼlim platformalari kontenti boyitilmoqda.

Uzluksiz kasbiy rivojlanishi tizimi yaratilib, oʻqituvchilarni bevosita ish joyida malakasini oshirish va doimiy qoʻllab-quvvatlash tizimi rivojlantirilmoqda.

Hozirda xalq taʼlimi tizimida pandemiya asoratlarini bartaraf etish boʻyicha maxsus besh yillik milliy dastur qabul qilinmoqda.

Quyidagi yoʻnalishlarda taʼlim sohasida transformatsiyalar amalga oshirilmoqda:

oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻ-eʼtibori va maqomini koʻtarish, oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanish tizimining uzluksizligini taʼminlash, ularning oʻz ustida koʻproq ishlashi uchun sharoit yaratish va mehnatini munosib ragʻbatlantirish. Zero, taʼlim sifati oʻqituvchi sifatidan oshib keta olmaydi;

oʻquv dasturlari va oʻqitish metodikasini Finlyandiya tajribasi asosida toʻliq qayta koʻrib chiqish;

xalqaro baholash dasturlariga ishtirok etish orqali eng yaxshi tajribalarni taʼlim tizimiga joriy etish. 2021-yilda Oʻzbekiston tarixda ilk bora PIRLS tadqiqotida ishtirok etdi, hozirda PISA 2022 tadqiqotida ishtirok etmoqda. Bu borada Jahon bankining moliyaviy va texnik koʻmagini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman;

maktabni taʼlimning keyingi bosqichlari bilan uzviy bogʻlash, oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanish tizimini uzluksizligini taʼminlash, malaka oshirish institutlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning oʻz ustida koʻproq ishlashi uchun sharoit yaratish;

maktab infratuzilmasi yaxshilash va 2022-yil yakuniga qadar barcha maktablarni yuqori tezlikdagi internetga ulash belgilandi.

Hududlardagi oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, malaka oshirish hududiy markazi va ilgʻor maktablarning 103 nafar tajribali oʻqituvchilaridan iborat 17 ta “Mobil metodik guruhlari shakllantirilib, 393 ta maktablar bazasida pedagoglar salohiyatini oshirish boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Taʼlim sifatini oshirish yoʻlidagi muammolarga samarali yechimlar topishdagi hamkorligi uchun Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlarga minnatdorchiligimni bildiraman va bu borada Sizlarning doimiy qoʻllab-quvvatlashingiz, koʻrsatayotgan koʻp tomonlama yordamlaringizni yuksak qadrlaymiz, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Muhokamalar yakunida Jahon banki vakillari, xalqaro va mahalliy ekspertlar Markaziy Osiyoda taʼlim sohasi transformatsiyasi boʻyicha izchil hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.

Taʼkidlash lozim, mazkur tadbir pandemiyadan soʻng taʼlimni tiklash chora-tadbirlari va sohadagi innovatsiyalar boʻyicha xalqaro tajribaga, Markaziy Osiyoda taʼlimning muvaffaqiyatlari va muammolari boʻyicha oydinlik kiritish, shuningdek, mintaqadagi keyingi avlodlar uchun taʼlimni oʻzgartirish istiqbollarini shakllantirish uchun asos yaratadi.