× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Finlyandiyaning Milliy taʼlim agentligi direktori bilan uchrashdi

16 Noyabr 2022

Joriy yilning 14-16-noyabr kunlari poytaxtimizda Erta yoshdagi bolalar taʼlimi va tarbiyasiga bagʻishlangan umumjahon anjumani tashkil etildi.

YUNESKO va Maktabgacha taʼlim vazirligi hamkorligida oʻtkazilayotgan tadbir doirasida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev va Finlyandiyaning Milliy taʼlim agentligi direktori Samu Seytsalo bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi va Finlyandiyaning Milliy taʼlim agentligi oʻrtasida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi darsliklarning tajriba sinov jarayonlari, pedagoglar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan qator masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev martabali mehmonga uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirar ekan, aloqalarining bugungi kundagi holati, istiqboldagi rejalar yuzasidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Avvalambor, Sizga va delegatsiya aʼzolariga yurtimizga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

Bugungi kunda ham Finlyandiya tajribasi taʼlim tizimimizga joriy etish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda. Xususan, respublikamizdagi 14 ta maktab, 139 ta sinfda 1-4 sinflar uchun darsliklar tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda. Trener oʻqituvchilar malakasi oshirilmoqda.

Ushbu maktablarning moddiy texnik taʼminotini yaxshilash boʻyicha ish olib borilmoqda. Shuningdek, pedagoglar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xalqaro Nordik universiteti va Samarqanddagi Oʻzbek-Fin universitetiga fin ekspertlari jalb etildi.

Oʻylaymanki, malakali ekspertlar va professor-oʻqituvchilarni jalb qilish boʻyicha ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz lozim", – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Oʻz navbatida Finlyandiyaning Milliy taʼlim agentligi direktori Samu Seytsalo yurtimizga yana bir bor tashrif buyurganidan mamnun ekanligini taʼkidlar ekan, taʼlim sifatini taʼminlash uchun pedagoglar tayyorlash va ularning malakasini oshirish muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

"Prezidentingiz Konferensiyada qilgan nutqida ushbu masalaning eng muhim jihatlariga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, uning har kim erta bolalik davrida taʼlim va tarbiyaga ega boʻlishi kerakligi hamda aynan pedagoglar va ularning sifat darajasiga sarmoya kiritish lozimligiga toʻxtalib oʻtganini eʼtirof etish lozim.

Taʼlim inspeksiyasi bilan imzolangan anglashuv memorandum doirasidagi ishlarimiz yaxshi boshlangʻich nuqta boʻldi deb oʻylayman.

Agar biz bolalarning erta bolalik davrida sifatli taʼlim olishini taʼminlamoqchi boʻlsak, ularga taʼlim beruvchi oʻqituvchilar sonini oshirishimiz va shu sohaga sarmoya kiritishimiz lozim.

Oʻylaymanki, bugungi muhokamalar va takliflar kelgusida ishlarimizni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi", – dedi janob Samu Seytsalo.

Yakunda tomonlar Finlyandiya hukumatining Oʻzbekiston taʼlim sohasiga ajratilgan mablagʻlarni samarali sarflash boʻyicha ishlarni davom ettirishga kelishib olishdi.