× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Litsenziyaga ega boʻlmagan soxta oliy taʼlim muassasalaridan ogoh boʻling!

11 May 2022

Soʻnggi paytlarda Taʼlim inspeksiyasi telegram botiga ayrim fuqarolar “Termiz shahridagi “UNIVERSITY AT-TERMIZIY” MCHJ tomonidan berilgan diplomlar Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasi diplomi sifatida tan olinadimi?” deb murojaat qilmoqda.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yuqorida nomi keltirilgan taʼlim tashkilotiga Oʻzbekistonda oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish huquqini beruvchi hech qanday litsenziyaga ega emasligini maʼlum qiladi.

Qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, Taʼlim inspeksiyasidan oliy taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun litsenziya olmagan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar tan olinmaydi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasiga asosan, nodavlat taʼlim tashkilotlari litsenziya olingan kundan eʼtiboran taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga haqlidir.

Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya berish Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori asosida amalga oshiriladi.

Oʻz navbatida taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda nodavlat taʼlim tashkilotlari soni bir necha barobarga oshib, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida, shuningdek, nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro sogʻlom raqobat muhiti shakllanmoqda.

Mazkur jarayonlarda Taʼlim inspeksiyasi tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tizimini soddalashtirish bilan birga, talabgorlarning murojaatlarini qisqa muddatlarda koʻrib chiqish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

2018 – 2020-yillar oraligʻida litsenziyaga ega boʻlgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni esa 13 tani tashkil etgan boʻlsa, amalga oshirilgan islohotlarning natijasida birgina 2021-yilda 21 ta nodavlat oliy taʼlim tashkiloti faoliyati litsenziyalandi.

Fuqarolarimizning yuqoridagi kabi holatlarda aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi veb-saytiga Nodavlat oliy taʼlim tashkiloti roʻyxati joylashtirilib, bu yerga litsenziya olgan taʼlim tashkilotlari haqidagi maʼlumotlar muntazam yangilanib borilmoqda.

Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtmagan taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatlar nafaqat Oʻzbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi.

Yuqorida nomi keltirilgan muassasaga oliy taʼlim tashkilot sifatida litsenziya olib, faoliyatlarini qonuniy asosda yuritishlari uchun hech qanday toʻsiq mavjud emas.

Shuningdek, nodavlat oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish istagida boʻlgan tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli litsenziyani olganlaridan keyingina fuqarolarimiz oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirishlari maqsadga muvofiq.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati