× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Taʼlimni transformatsiya qilish sammiti (TES 2022) oldidan milliy maslahatlashuv tashkil etildi

22 Iyun 2022

Joriy yilning 22-iyun kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Taʼlimni transformatsiya qilish sammiti (TES 2022) oldidan barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida milliy maslahatlashuv tashkil etildi.

Unda YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi muvofiqlashtiruvchi ofisi, YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi, Davlat statistika qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.

Milliy maslahatlashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad 2030-yilgacha taʼlimni transformatsiya qilish uchun manfaatdor tomonlar oʻrtasida umumiy qarash, majburiyat va kelishuvni ishlab chiqish, shu bilan bir qatorda, taʼlimdagi yoʻqotishlarni bartaraf etish, BRM erishishdagi holatni yaxshilash va taʼlimni qayta koʻrib chiqishdagi taʼlim siyosati, uni rejalashtirish va moliyalashtirishdagi oʻzgartirishlarni muhokama qilishdir.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov hamda YUNESKO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Djanini xonim kirish soʻzi bilan ochib berishdi.

Tadbir avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev sohani rivojlantirish boʻyicha kun tartibida turgan muammolar va ularni bartaraf etish uchun istiqboldagi vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

“COVID-19 tufayli Oʻzbekistonda 7 milliondan ortiq oʻquvchi-talabalar taʼlimda uzilishlarga duch keldi. Masofaviy taʼlim olish uchun imkoniyatlarning cheklanganligi va undagi kamchiliklar taʼlim inqirozini yanada chuqurlashtirdi.

Albatta, taʼlimdagi islohotlar natijasi kamida 5-10 yildan soʻng maʼlum boʻladi. Shunga qaramay, hozirdanoq islohotlar natijasi koʻzga koʻrinmoqda.

Taʼlim sifatini oshirish yoʻlidagi muammolarga samarali yechimlar topishda barchani yaqindan hamkorlikka chorlab qolaman va bu borada Sizlarning doimiy qoʻllab-quvvatlashingiz, koʻrsatayotgan koʻp tomonlama yordamlaringizni yuksak qadrlaymiz”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Shundan soʻng, soʻzga chiqqan taʼlim sohasidagi vazirlik va idoralar rahbarlari Barqaror Rivojlanish maqsadlari yoʻlida oʻz yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga toʻxtalib oʻtishdi.

Xususan, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astana Oʻzbekistonda Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishishda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni eʼtirof etib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti mazkur jarayonlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

“Oʻzbekiston yuqori ambitsiyalarga ega mamlakat. Fikrimning dalilini 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda ham koʻrishimiz mumkin.

Mamlakatingizning qaysi hududida boʻlmasin, odamlar suhbatlashganimda bunga yanada koʻproq ishonch hosil qilyapman. Bu bir tomondan kishida katta umid uygʻotsa boshqa tomondan hukumatga katta masʼuliyat yuklaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha islohotlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Bugun oʻtkazilayotgan milliy maslahatlashuv tomonlar oʻrtasida harakatlarning oʻzaro muvofiqlashtirishga hamda islohotlarning yanada takomillashishiga xizmat qiladi”, – dedi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori.

Shu bilan birgalikda, YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade Oʻzbekiston taʼlim sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda tizimli va dadil qadamlarni qoʻyib kelayotgani va bu islohotlarni yanada kuchaytirish lozimligini taʼkidladi.

“Oʻzbekiston taʼlim sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda tizimli va dadil qadamlarni qoʻyib kelmoqda. Bu borada Taʼlim inspeksiyasi hamda manfaatdor vazirliklarning oʻrnini alohida eʼtirof etish lozim.

Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarini islohotlar yoʻnalishini qayta koʻrib chiqishga majbur qildi. Ushbu vaziyatda Oʻzbekiston taʼlimning mobillashtirishda zarur choralarni koʻra oldi. Ammo bu islohotlarni yanada kuchaytirish lozim.

Yaqin oʻtmishimizdan guvoh boʻldikki, mavjud sharoit yoshlarda XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishni kun tartibidagi eng asosiy vazifalardan biriga aylantirmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, oʻylaymanki, milliy maslahatlashuv real ehtiyojlardan kelib chiqqan holda zarur choralarni koʻrish va tegishli vazifalarni belgilab olish uchun muhim platforma vazifasini oʻtab beradi”, – dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Kunning ikkinchi qismida muhokamalar inklyuziv, adolatli, xavfsiz va sogʻlom taʼlim tashkilotlari, oʻqituvchilar, oʻqituvchi mavqeyi va oʻqituvchilik kasbi, hayotiy, ish va barqaror rivojlanish uchun zarur bilim va koʻnikmalar, taʼlimda raqamli transformatsiya hamda taʼlimni moliyalashtirish kabi beshta tematik sohalar boʻyicha ishchi guruh sessiyalariga boʻlingan holda davom ettirildi.

Qayd etish lozimki, joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 77-sessiyasi doirasidagi Taʼlimni transformatsiya qilish sammitida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Sammit pandemiya tufayli yuzaga kelgan taʼlim olishdagi yoʻqotishlarini bartaraf etish, taʼlim siyosatini qayta koʻrib chiqish va Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni jadallashtirish boʻyicha yechimlar topishga qaratilgan.

Yuqori darajali sammitga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha joriy yilning 28-30-iyun kunlari YUNESKOning Parij shahridagi bosh ofisida taʼlim vazirlari ishtirokida tayyorgarlik uchrashuvi oʻtkaziladi.

Sammit har bir aʼzo davlat nima uchun, nimani, qayerda, qachon oʻrganishimiz va buni qanday amalga oshirishni qayta koʻrib chiqishni talab etish vaqti kelganini taʼkidlamoqda. Sammitga tayyorgarlik uchta oʻzaro bogʻliq oqimlarga asoslanadi: milliy maslahatlashuvlar, tematik chora-tadbirlar va jamoatchilikni jalb qilish va safarbarlik.

Bunda taʼlim sohasidagi siyosatchilar, oʻqituvchilar, yoshlar, xususiy sektor va boshqa taʼlim hamkorlarining fikr va istiqbollarini birlashtiriladi. Oliy darajadagi siyosiy forum tomonidan amalga oshirilayotgan “Taʼlim kelajagi” hisoboti hamda BRM4 sharhiga, shuningdek Incheon deklaratsiyasi va Harakatlar strategiyasi, 2020 hamda 2021-yillardagi Global Taʼlim uchrashuvlari natijalariga eʼtibor qaratiladi. Maslahatlashuv natijalari va bayoni mintaqaviy va global Taʼlimni oʻzgartirish sammiti jarayoniga kiritiladi.