× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Qoraqalpogʻistonda REDS tadqiqoti natijalari va pedagoglar attestatsiyasi boʻyicha seminar tashkil etildi

27 Iyun 2022

Ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev boshchiligidagi ishchi guruh muassasalarda taʼlim sifatining holati va ularda yaratilgan sharoitlarni joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda pedagoglar, taʼlim tizimi mutasaddilari bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida joriy yilning 27-iyun kuni Qoraqalpoq davlat universitetida “COVID-19» pandemiyasining taʼlimga taʼsiri haqidagi REDS (Taʼlimdagi uzilishlar haqidagi soʻrovlarga javoblar) xalqaro tadqiqoti natijalari hamda pedagog kadrlar attestatsiyasi boʻyicha seminar tashkil etildi.

Taʼlim inspeksiyasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Abatbay Daniyarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Axmed Narimbetov hamda shahar, tuman xalq taʼlimi boʻlimlarining Taʼlim sifati monitoringi boʻlimi boshliqlari ishtirok etdi.

Seminar davomida Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi Taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) va YUNESKO hamkorligida “COVID-19» pandemiyasining taʼlim jarayoniga taʼsirini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan REDS tadqiqoti natijalari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi.

Tadbir avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev hududdagi umumtaʼlim muassasalarida taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarga toʻxtalib oʻtar ekan, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda barcha manfaatdor tomonlarning masalaga alohida masʼuliyat bilan yondashishlari lozimligini taʼkidladi.

"Yangi Oʻzbekistonda Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etish boʻyicha belgilab olgan yuksak maqsad va vazifalarning ijrosi sifatli inson kapitaliga bogʻliq. Ushbu boylikdan samarali foydalanish va yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishini taʼminlash – bizdan avvalo yoshlarimizga zamonaviy bilim va hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun muhim koʻnikmalarni shakllantirishni talab qiladi.

Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishning aynan taʼlim sohasiga qaratilishi mamlakatimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichga koʻtarilishiga zamin yaratmoqda.

Taʼlim sifati oshishi bevosita pedagoglarga yaratilgan sharoit va berilayotgan imtiyozlar bilan chambarchas bogʻliq. Shunday ekan bu borada tizimni muntazam ravishda takomillashtirib borish kun tartibida turgan eng muhim masalalardan biri boʻlib qolaveradi.

Taʼlim tizimini yangi bosqichga koʻtarishda amalga oshirilayotgan islohotlar yengil jarayon emas albatta. Buni barchamiz teran anglaymiz. Davlatimiz rahbari bu hayot-mamot masalasi ekanini doimo taʼkidlab keladilar. Najot maktabda, najot ilmda, najot bilimda ekanligi kundan-kunga oʻz isbotini topmoqda.

Ushbu yoʻlda barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, ilmiy tashkilotlar bir butun boʻlib harakat qilgandagina, kutilgan natijaga erishishimiz mumkin", – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-sonli qaror ijrosini taʼminlash hamda pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish masalalari boʻyicha maʼruza qilindi.

Seminarning ikkinchi qismida maktablarning kimyo, biologiya, fizika va matematika fanlari oʻqituvchilari uchun shoʻbalarga boʻlingan holda biologiya darslarini oʻqitishda xorijiy taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda dars samaradorligini oshirish darslarini oʻqitishda xorijiy taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda dars samaradorligini oshirish, fizika fani oʻqituvchilarining metodik tayyorgarligini innovatsion texnologiyalar asosida takomillashtirish hamda xalqaro baholash dasturining matematik savodxonlik yoʻnalishi boʻyicha topshiriqlar mazmuni va tahlili kabi yoʻnalishlar boʻyicha mahorat darslari ham tashkil etildi.

Muhokamalar yakunida seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga masʼullar tomonidan javoblar berildi hamda bu borada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan vazifalar belgilab olindi.