× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz ustozlar!

30 Sentabr 2022

Qadrli oʻqituvchi va murabbiylar!

Aziz ustozlar!

Yangi Oʻzbekistonning Uchinchi renessans uchun poydevor qoʻyishida hamda mamlakatimizni rivojlangan mamlakatlar qatoriga qoʻshish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarda Siz aziz ustozlarning oʻrningiz juda muhimdir.

Jamiyat farovonligi va iqtisodiy taraqqiyotning asosi bevosita ilm-fan, taʼlim va tarbiya bilan bogʻliq ekanligini hisobga olsak, Sizlar tomoningizdan koʻrsatilayotgan fidokorona mehnatlarning naqadar qadrli ekanligi yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi.

Muhtaram Prezidentimiz oʻz tabriklarida taʼkidlaganlaridek, muallimning obroʻ-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir.

Taʼlim inspeksiyasi ham sohada ustozlarning tutgan oʻrni va ahamiyatini chuqur anglagan holda, faoliyatining ilk kunlaridan boshlab oʻqituvchilar va murabbiylar yengillik yaratish ularga koʻmaklashishni maqsad qilgan.

Bu borada soʻnggi bir yil davomida pedagog kadrlar attestatsiyasi ustozlar uchun qulay va shaffof tashkil qilish uchun hujjatlarni onlayn koʻrinishda toʻgʻridan-toʻgʻri inspeksiyaga yuborish imkoniyati yaratildi. Avvalgi qogʻozbozlik va ovoragarchillika asoslangan tartibdan voz kechildi.

Bir yilda ikki marta oʻz ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etib, toifasini oshirib olish imkoniyati yaratildi. Endi mutaxassis lavozimidagi oʻqituvchi bir yarim yilda oliy toifani qoʻlga kiritish imkoniyati mavjud. Avvalgi tartib boʻyicha buning uchun 13 yil kutishga majbur boʻlardi.

Ilk marotaba malaka (test) sinovlari doirasida barcha umumtaʼlim fanlardan test topshiriqlari formati (fan mazmuni tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt meʼyori) hamda baholash mezonlari ishlab chiqildi va eʼlon qilindi hamda bu boʻyicha pedagoglar savol va takliflari oʻrganilmoqda.

Shuningdek, muhokamalarda test savollarining qiyinlik darajasi, fanlar doirasida eʼtibor qaratilgan mavzular yuzasidan ham oʻzaro fikr almashilmoqda.

Yaratilgan qulay imkoniyatlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida 280 ming nafar yaʼni rekord darajada oʻqituvchilar attestatsiyada ishtirok etib, ularning 215 ming nafari oʻz ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etgan. Yakuniy natijalarga koʻra attestatsiyada ishtirok etganlarning 68 foizi ijobiy natija qayd etgan.

Joriy yilda malaka toifasi olganlik haqidagi sertifikatlarni qogʻoz shaklidan voz kechilib, elektron koʻrinishda shaxsan oʻqituvchining shaxsiy kabinetiga yuborish yoʻlga qoʻyildi.

Moliya vazirligi bilan hamkorlikda oʻqituvchilarga berilgan hamda amalda boʻlgan barcha malaka toifa sertifikatlarining maʼlumotlari Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining “pedkadr.tdi.uz” platformasidan olinishi yoʻlga qoʻyildi.

Buning natijasida, Markazlashgan buxgalteriya xizmati xodimlari tomonidan pedagog oʻqituvchilarning malaka toifa sertifikat maʼlumotlarini shakllantirish avtomatik ravishda bajarilmoqda.

Shu asosda, pedagog oʻqituvchilarning malaka toifa sertifikati uchun oylik ish haqiga qoʻshimcha ustamalar oʻz vaqtida va toʻgʻri toʻlanishiga erishildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston umumiy oʻrta taʼlim muassasalari joriy yilda ilk marotaba 15 yoshli oʻquvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy hamda oʻqish savodxonligini baholash boʻyicha PISA tadqiqotida ishtirok etdi. Ushbu tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda va ishtirok etishda ham ustoz va murabbiylarning faolligi va fidoiyligini alohida eʼtirof etish lozim.

Zero, ushbu tadqiqotlar natijalari asosida mamlakatimizda taʼlim sifati samaradorligi oshib borishi xalqaro investorlar va biznes doiralarida ishonchning ortishiga xizmat qiladi.

Shunday ekan, mamlakatimiz inson kapitalining dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlishini taʼminlash, yoshlarimizga munosib taʼlim-tarbiya berish yoʻlida muhtaram Prezidentimiz atrofida har qachongidan koʻra jipsroq birlashib, qator ishlarni amalga oshirishimiz lozim.

Aziz ustozlar, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi jamoasi nomidan barchangizni kasb bayrami bilan chin qalbdan tabriklaymiz.

Sizlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy xotirjamlik va masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Bayraming muborak boʻlsin!