× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Milliy oʻquv dasturlari tajriba-sinoviga bagʻishlangan ilmiy-metodologik seminar oʻtkazildi

13 May 2022

Joriy yilning 13-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida uzviylikni taʼminlash konsepsiyalari va uzluksiz taʼlim tizimi Milliy oʻquv dasturlari tajriba-sinoviga bagʻishlangan ilmiy-metodologik seminar oʻtkazildi.

Seminar yalpi yigʻilishida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i oʻrinbosari Odil Qoʻysinov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i maslahatchisi Abdurahim Nosirov, Respublikada xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Zulxumor Xolmonova, professor Baxtiyor Mengliyev, dotsent Klara Movlanovlarning maʼruzalari tinglandi.

Maʼruzachilar tajriba-sinovning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida, ona tili, adabiyot va oʻzbek tili fanlarini oʻqitilishi bilan bogʻliq islohotlar xususida oʻz fikrlarini bildirishdi.

Seminarda “Yangi yaratilayotgan darsliklarni oʻqituvchilar qanday oʻqitmoqda?”, “Oʻqituvchi kitoblarisiz yangi metodikani ishlata olyaptimi?”, “Oʻquvchilar qanday qabul qilmoqda?” “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bitiruvchi kurs talabalari oʻquv dasturlari va yangi darsliklar bilan qachon tanishishadi?” kabi savollarga javob izlandi.

Tadbir davomida ular xususida maxsus maʼruzalar va “Oʻzbek tilida leksik-semantik sistemalar”, “Sinonimiya”, “Milliy oʻquv dasturi asosida ona tili darslarini tashkil qilish mazmuni”, “Abdulla Oripovning hayot va ijod yoʻli”ga bagʻishlangan mahorat darslari tashkil etildi.

Taʼkidlash lozimki, ona tili fani oʻquvchi shaxsida fikrlashga, oʻzgalar fikrini anglashga, oʻz fikrini ogʻzaki hamda yozma shaklda nutq sharoitiga mos ravishda toʻgʻri va ravon bayon qila olishga qaratilgan nutqiy kompetensiyani rivojlantirish, oʻquvchida til qurilishiga oid oʻzlashtiriladigan amaliy bilimlarni rivojlantirishdan iborat boʻlsa, Adabiyot fani milliy hamda jahon adabiyotining nodir namunalarini bilish asosida oʻquvchining maʼnaviy-axloqiy dunyosi, adabiy-estetik didini shakllantiradi.

Oʻzbek tilini oʻqitishning maqsadi oʻzga til oʻquvchilarida oʻzbek tili faniga qiziqish uygʻotish, oʻzbek milliy madaniyatini targʻibot qilish, oʻzbek adabiyoti namunalari yordamida sogʻlom eʼtiqodli, mustaqil fikrli, axloqan barkamol, shaxsning maʼnaviy dunyosini shakllantirishga qaratilgan.

Ushbu maqsadlarga asoslanib tayyorlangan, bugungi kunda tajriba sinovdan oʻtayotgan ona tili, adabiyot oʻzbek tili boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi uzluksiz taʼlim Milliy oʻquv dasturlari” tarkiban: uzviylikni taʼminlash Konsepsiyalari, maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim, boshlangʻich professional taʼlim va oliy taʼlim oʻquv dasturlaridan iborat.

Ilk bora 6-7 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashga moʻljallab, ona tili yoʻnalishida “Maktabgacha taʼlim tizimi tayyorlov guruhi uchun nutqni rivojlantirish taʼlimiy faoliyati dasturi”, adabiyot yoʻnalishida “Badiiy adabiyot taʼlimiy faoliyat dasturi” hamda Oʻzbek tili yoʻnalishida “Oʻzbek tilini oʻrgatish taʼlimiy faoliyat dasturi” tayyorlandi va ijroga joʻnatildi.

Umumiy oʻrta taʼlimda 1-11 sinflar uchun “Ona tili”, “Adabiyot”, “Oʻzbek tili” Milliy oʻquv dasturlari ishlab chiqildi. Til oʻqitishda grammatik qoidalarga asoslangan yondashuvdan kommunikativ yondashuvga oʻtish boshlandi. Boshlangʻich sinfda ona tili va oʻqish darsliklari birlashtirilib, “Ona tili va oʻqish savodxonligi” fani joriy etildi.

Oliy taʼlim fan dasturlari tarkibiga koʻra quyidagilardan iborat: Ona tilida: Hozirgi oʻzbek adabiy tili, Ona tili oʻqitish metodikasi, Oʻzbek tili tarixi, Tilshunoslik nazariyasi fan dasturlari, adabiyotda: Adabiyot oʻqitish metodikasi, Adabiyotshunoslik nazariyasi, Jahon adabiyoti, Oʻzbek adabiyoti, Oʻzbek adabiyoti tarixi, Navoiyshunoslik, Oʻzbek folklori fan dasturlari hamda Oʻzbek tilida: Oʻzbek tili (nofilologik), Oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi, Oʻzbek va rus tillar qiyosiy tipologiyasi, Hozirgi oʻzbek adabiy tili fan dasturlaridan iborat.

Muhokamalar yakunida tajriba-sinovni muvaffaqiyatli oʻtkazish, kamchilik va xatolarni ochiqlash, ularni bartaraf etish uchun ayni vaqti ekanligi xususida fikr almashib, mutasaddi professor oʻqituvchilarga taklif va tavsiyalar berildi.