× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Stefaniya Janini: "YUNESKO Barqaror Rivojlanish Maqsadlari yoʻlida Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlaydi"

14 Noyabr 2022

Joriy yilning 14-16-noyabr kunlari poytaxtimizda Erta yoshdagi bolalar taʼlimi va tarbiyasiga bagʻishlangan umumjahon anjumani boʻlib oʻtmoqda.

YUNESKO va Maktabgacha taʼlim vazirligi hamkorligida oʻtkazilayotgan tadbir doirasida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev va YUNESKO bosh direktorining taʼlim masalalari boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Janini bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv kun tartibidan uzluksiz taʼlim tizimida sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish, oliy taʼlim sohasida kvalifikatsiyalarni tan olish, Taʼlim inspeksiyasi huzurida tashkil etilgan Milliy axborot markazi faoliyatini takomillashtirish, xalqaro tarmoqlar bilan integratsiyasini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida taʼlimni transformatsiya qilish, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlarga doir qator masalalar oʻrin oldi.

Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev martabali mehmonga uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirar ekan, aloqalarining bugungi kundagi holati, istiqboldagi rejalar yuzasidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

"Avvalambor, Sizni va jamoangizni ushbu konferensiyani yuqori darajada tashkil etishga qoʻshgan ulkan hissangiz uchun Oʻzbekiston hukumati nomidan oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Bu yil Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasidagi hamkorlik ham sifat jihatdan ham miqdor jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarni hayotga tayyorlash va hech kim ortda qolmaydi tamoyillari asosida taʼlim tizimi transformatsiya qilinmoqda.

Xususan, birgina shu yilning oʻzida Taʼlim inspeksiyasi va YUNESKO hamkorligida bir qator muhim tashabbuslar va islohotlar amalga oshirildi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish chaqirigʻi asosida Taʼlimni transformatsiya qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va pandemiyaning taʼlimdagi salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha barcha manfaatdor tomonlarni, xususan yoshlarni jalb etgan holda YUNESKOning Toshkentdagi ofisi bilan hamkorlikda Milliy maslahatlashuvlar tashkil etildi.

Milliy maslahatlashuv natijalari asosida Oʻzbekistonning Taʼlimni transformatsiya qilish boʻyicha Milliy Bayonoti qabul qilindi va 2022-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida Taʼlimni transformatsiya qilish sammitida (TES – Transforming Education Summit) taqdim etildi.

Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilinishi natijasida mamlakatning Tokio va Umumjahon konvensiyalarga qoʻshilish boʻyicha zaruriy shart-sharoitlar yaratildi.

Shuningdek, universitetlar mehnat bozori uchun kadr tayyorlovchi tashkilotdan jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan shaxsni tayyorlovchi, bitiruvchilarini hayot davomida bir necha bor munosib ish bilan taʼminlanishiga hissa qoʻshuvchi tashkilotga transformatsiya qilish boʻyicha zarur chora tadbirlar belgilandi.

Albatta, ushbu amalga oshirilgan ishlar bardavom boʻlishini taʼminlash juda muhim. Shu bois, hamkorligimizni yanada rivojlantirish har ikki tomon uchun ham manfaatli boʻladi", – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Oʻz navbatida YUNESKO bosh direktorining taʼlim masalalari boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Janini xonim Taʼlim inspeksiyasi tomonidan mamlakatimizda sohani rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etar ekan, bu borada oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

"Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholaymiz. Taʼlim inspeksiyasi bilan sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini baholash va rivojlantirish boʻyicha hamkorlik qilib kelmoqdamiz.

YUNESKO jamoasi Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ushbu hamkorlik loyihalarini yanada rivojlantirishdan doim manfaatdor.

Bugun poytaxtingizda oʻtkazilayotgan erta bolalik davridagi bolalar taʼlim tarbiyasiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada maktabgacha taʼlim balki butun uzluksiz taʼlim tizimidagi islohotlar qanchalik jadallik bilan olib borilayotganligiga guvoh boʻldik.

Bu boradagi jarayonlarni yanada rivojlantirish uchun oliy taʼlim sohasini ham qoʻllab-quvvatlash lozim. Bu borada Barselonada oʻtkazilgan uchrashuvimizda amalga oshirilgan kelishuvlarimiz hamon oʻz dolzarbligini saqlab turibdi.

Shuningdek, Tokio konvensiyasini ratifikatsiya qilish boʻyicha erishilgan kelishuvlarimiz ham biz uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu yoʻnalishda mamlakatingizda taʼlim sohasidagi barcha maʼlumotlarni oʻzida jamlagan Milliy axborot markazining tashkil etilgani kishini xursand qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, aytamanki, YUNESKO Oʻzbekistondagi taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlashga doim tayyor", – YUNESKO bosh direktorining taʼlim masalalari boʻyicha oʻrinbosari.

Shu bilan birgalikda, Stefaniya Janini xonim YUNESKO tomonidan Taʼlimni transformatsiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayonotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda texnik va moliyaviy yordam koʻrsatishga tayyorligini hamda buning uchun xalqaro donor tashkilotlarni jalb qilishga koʻmaklashishini maʼlum qildi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu uchrashuv joriy yilda Taʼlim inspeksiyasi va YUNESKO rahbariyati vakillari oʻrtasidagi yuqori darajada oʻtkazilgan 3-uchrashuv hisoblanadi.

Ayni kunga qadar Ispaniyaning Barselona shahrida tashkil etilgan YUNESKOning Butunjahon oliy taʼlim anjumani hamda AQSHning Nyu-York shahrida oʻtkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlimni transformatsiyasi qilish Sammiti doirasida hamkorlik aloqalari oʻzaro muhokama qilingan edi.

Ushbu muhokamalar natijasida Taʼlim inspeksiyasi va YUNESKO oʻrtasida qator loyihalar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, oliy taʼlim sohasida kvalifikatsiyalarni tan olish, bu borada xalqaro konvensiyalarga qoʻshilish hamda Taʼlim inspeksiyasi huzurida Milliy axborot markazi tashkil etilib, uni xalqaro tarmoqlarga ulash boʻyicha hamkorlik loyihalari davom etmoqda. Mazkur jarayonlar esa Oʻzbekistonning Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishi yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.