× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

OTMlar milliy reytingini aniqlashda ish beruvchilar fikri inobatga olinadi

3 Avgust 2022

Maʼlumki, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan soʻnggi 4 yilda oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, taʼlim sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashish uchun oliy taʼlim muassasalarining Milliy reytingi eʼlon qilib borilmoqda.

Mazkur reyting doirasida oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini baholash hamda kuchaytirish shuningdek, mehnat bozorida malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarni oʻrganish maqsadida ish beruvchilar oʻrtasida onlayn soʻrovnoma tashkil etib kelinadi.

Joriy yilning 3-avgust kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ushbu masala yuzasidan videokonferensiya tashkil etildi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda 1 000 nafardan ortiq turli tashkilotlar rahbarlari, vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiya davomida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari sifatiga baho berish uchun oʻtkazilayotgan soʻrovnomada qatnashish boʻyicha tegishli tavsiyalar bildirib oʻtildi.

Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mazkur soʻrovnomaning oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingini aniqlashdagi oʻrniga toʻxtalib oʻtar ekan, bu borada barcha tomonlarni izchil hamkorlikka chaqirdi.

“Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan milliy reyting tizimida ish beruvchilar soʻrovnomasi muhim va yuqori darajadagi indikatorlardan biri hisoblanadi.

Joriy yilda tashkil qilinayotgan onlayn soʻrovnoma avvalgisidan farqli, real vaqt rejimida amalga oshiriladi va bunda ish beruvchi idora yoki tashkilotlar oʻzlarining elektron kaliti orqali tizimga kiradilar va qatnashadilar.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi yoʻnalish sifatida aynan inson kapitalini rivojlantirishga eʼtibor qaratilishi ham bejiz emas.

Chunki aynan oliy taʼlim muassasalari taraqqiyot lokomotivi sifatida mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlashi lozim”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Taʼkidlash joizki, Joriy yilgi reytingda 92 ta oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan 23 ta filiallar ishtirok etmoqda.

Oʻtkazilayotgan onlayn soʻrovnoma avvalgisidan farqli tarzda survey.tdi.uz sayti orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Bunda ish beruvchi idora yoki tashkilotlar oʻzlarining elektron raqamli imzo orqali tizimga kiradilar va soʻrovnoma toʻldirishadi.

Ish beruvchilarning ortiqcha vaqtini olmaslik va soʻrovnomada qatnashishi samarali boʻlishi uchun oliy taʼlim muassasalari sohalarga boʻlib chiqilgan. Har bir ish beruvchi idora faoliyat yoʻnalishiga qarab oliy taʼlim muassasalari sohalari bilan biriktirildi.

Ish beruvchilarga bitta oliy taʼlim muassasasiga bir marta baho berish imkoniyati beriladi va barcha maʼlumotlar avtomatik tarzda maxsus elektron bazaga kelib tushadi.

Joriy yilgi soʻrovnomaga kamida 50 nafar xodimi boʻlgan 16 000 tadan ortiq idoralar shu jumladan, xususiy tashkilotlar ham jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Soʻrovnoma shu yilning 15-avgustiga qadar davom etadi va uning natijalari joriy yilda oliy taʼlim muassasalari milliy reytingini aniqlashda inobatga olinadi.