× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

“Bir makon, bir yoʻl: imkoniyatlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda

5 Oktabr 2022

Joriy yilning 4-6 oktyabr kunlari mamlakatimizda Ipak yoʻli konferensiyalari turkumiga kiruvchi SIRCON 2022 “Bir makon, bir yoʻl: imkoniyatlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

Alfraganus universiteti tashabbusi bilan Turkiyaning Najmiddin Erbakan nomidagi davlat universiteti tomonidan Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Turk dunyosi munitsipalitetlari ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanga Turkiya, Makedoniya va Qozogʻistonning nufuzli oliy taʼlim muassasalari vakillari tashrif buyurishgan.

Xalqaro konferensiya ochilishida soʻzga chiqqan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov, Alfraganus universiteti rektori Farmonqul Egamberdiyev, Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov, Najmiddin Erbakan nomidagi davlat universiteti Birol Merkan va boshqalar ushbu konferensiyada beriladigan maʼlumotlar, tinglanadigan maʼruzalar yurtimiz taʼlim tizimi imkoniyatlarni yana bir bor dunyoga namoyon etish hamda oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

“Yangi Oʻzbekistonda inson kapitali imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali uzoq muddatli barqaror rivojlanishning mustahkam asosini barpo etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. “Yoshlarni hayotga tayyorlash” va “Hech kim orqada qolmaydi” tamoyillari asosida taʼlim tizimi transformatsiya qilinyapti.

Aynan oliy taʼlim tizimi yoshlarda mehnat bozori uchun zarur boʻlgan koʻnikma va kompetensiyalarni shakllantirishda, faol fuqaro boʻlib shakllanishida va ijtimoiylashuvida muhim oʻrin tutadi.

Qamrov bilan bir qatorda taʼlim sifatini ham taʼminlash bugungi kunda dolzarb boʻlib turibdi. Jahon bankining Inson kapitali indeksi tadqiqot natijalariga koʻra, amaldagi taʼlim tizimi yoshlarga oʻz salohiyatining oʻrtacha 62 foizini roʻyobga chiqarish imkonini bermoqda. Pandemiya sababli taʼlim sifatini taʼminlash dolzarbligi nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda birinchi raqamli vazifaga aylandi.

Shuningdek, hozirgi oʻzgaruvchan va beqaror dunyoda oliy taʼlimning asosiy vazifasi yoshlarni nafaqat mehnat bozoriga tayyorlash, balki hayotda har jabhada muvaffaqiyatga ega boʻlishi va faol fuqaro sifatida shakllanishi uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish boʻlib qolmoqda.

Bugungi xalqaro ilmiy amaliy konferensiya ushbu natijalarning yanada yaxshilanishiga, tadbirda ishtirok etayotgan Turkiya, Makedoniya va Qozogʻistonning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonamiz,” dedi Odil Qoʻysinov.

Taʼkidlash lozim, mazkur anjumanda mamlakatimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari rektorlari, professor-oʻqituvchilari ham ushbu anjumanda oʻzining ilmiy maqolalari va takliflari bilan ishtirok etishmoqda.

Shuningdek, ushbu tadbir xalqaro standartlar darajasida, jahon mehnat bozoriga zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash va ularning xalqaro ilmiy makonda raqobatbardoshligini kuchaytirishga qaratilgan.

Xalqaro konferensiyaning ikkinchi kuni oʻz ishini davom ettirmoqda.