Umumtaʼlim maktablar reytingi eʼlon qilindi
3 Oktabr 2022Joriy yilning 3-oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida umumtaʼlim maktablari reytingini eʼlon qilishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev va Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda viloyatlar, tuman (shaharlar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi tuzish, hokimlar hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash boʻyicha topshirigʻiga asosan oʻtgan yildan boshlab, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan barcha maktablar reytingi aniqlanib, eʼlon qilib kelinmoqda.
Tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari maktablar reytingini aniqlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari haqida atroflicha maʼlumot berishdi.
Taʼlim inspeksiyasi tomonidan oʻtgan bir yil davomida maktablar reytingini aniqlash boʻyicha ikkita tadqiqot amalga oshirilgan:
Xususan, barcha maktablar reytingini aniqlash uchun respublikamizning 14 ta hududidagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9 954 (oʻtgan yilda 9 622 ta) maktab faoliyati tahlil qilindi.
Tahlil natijalari asosida 2021-yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning taʼlim sifati boʻyicha reytingi tayyorlandi.
Bunda xalqaro tajriba (Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida eʼtibor berilib, 4 ta yoʻnalishda 8 ta indikator belgilandi.
- oʻquvchilarning hayotga tayyorgarlik darajasi (bilim darajasi, oliygohlarga kirish koʻrsatkichi, xorijiy tilni bilish darajasi va bandlik);
- - pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyati (oliy va birinchi toifaga ega pedagoglar ulushi);
- - maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv-tarbiyaviy muhit
(5 ta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar va oʻquvchilar orasida jinoyatchilik);
- mahalliy hokimliklarning maktablar rivoji uchun qoʻshgan hissasi (mahalliy byudjetning orttirilgan mablagʻlari hisobidan maktab rivoji uchun sarflangan mablagʻlar).
HUDUDlar reytingida:
Eng yuqori oʻrinlarni Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari egallagan boʻlsa, eng oxirgi oʻrinlarni Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari band etishdi.
TUMAN va SHAHARlar reytingida:
Yuqori oʻntalikdan Navoiy, Buxoro shaharlari, Jondor tumani, Kogon shahri, Zarafshon, Xiva shaharlari, Kogon, Uchquduq tumanlari, Urganch, Gʻozgʻon shaharlari joy oldi.
Soʻnggi oʻrinlarda esa Boʻka, Taxiatosh, Toshkent, Tuproqqalʼa, Zafarobod tumanlari, Nurafshon shahri, hamda Uchtepa, Qibray, Qamashi, Yuqori Chirchiq tumanlari ekanligi maʼlum boʻldi.
Ixtisoslashtirilgan maktablar boʻyicha yuqori oʻntalikdan Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 4-IDUM, Xorazm viloyati Urganch shahridagi 6-IMI, Buxoro viloyati Jondor tumani 49-IDUM, Xorazm viloyati Shovot tumani XFMMI, Buxoro viloyati Kogon tumani 1-IDUM, Xorazm viloyati Xiva shahri 56-IMI, Jizzax viloyati Jizzax shahri «Umid IDUM», Namangan Mingbuloq tumani 13-IDUM, Namangan viloyati Chortoq tumani 20-IDUM, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani 12-AFCHOʻIMIlar oʻrin olishdi.
Soʻnggi oʻrinlarda esa Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi 16-IDUM, Namangan viloyati Namangan shahridagi 40-IDUM, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 69-IDUM, Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 180-IDUM, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi 12-IDUM, Fargʻona viloyati Yozyovon tumanidagi 39-IDUM, Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 56-IDUM, Xorazm viloyati Xiva shahridagi 97-MMI, Xorazm viloyati Bogʻot tumanidagi 47-IDUM, Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi 27-IDUM maktablar ekanligi aniqlandi.
Umumiy oʻrta maktablar reytingida yuqori TOP-10 likdan Navoiy viloyati Navoiy shahri 13-maktab, Buxoro viloyati Buxoro shahri 38-maktab, Buxoro viloyati Buxoro tumani 49-maktab, Buxoro viloyati Jondor tumani 3-maktab, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani 21-maktab, Navoiy viloyati Navoiy shahri 9-maktab, Buxoro viloyati Buxoro shahri 28-maktab, Buxoro viloyati Buxoro tumani 14-maktab, Buxoro viloyati Jondor tumani 41-, 38-maktablar oʻrin oldi.
Soʻnggi oʻrinlarda esa Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 34-maktab, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 209-maktab, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 295-, 62-maktablar, Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanidagi 16-maktab, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 54-maktab, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 99-98- va 100-maktablar hamda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 178-maktab ekanligi maʼlum boʻldi.
Maktab bitiruvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha tayyorgarligi va taʼlim sifati darajasi boʻyicha:
Bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida toʻplagan ballari boʻyicha tuman va shaharlar miqyosida eng yuqori TOP-5 ta oʻrinlarni Navoiy shahri (88,5), Buvayda tumani (88,1), Qiziltepa tumani (86,7 ball), Shofirkon tumani (86,6), Qorakoʻl tumani (85,8) egalladi.
Ushbu indikator boʻyicha eng past koʻrsatkichli TOP-5 talikda Bektemir tumani (34,4), Tomdi tumani (41,3), Yangi Namangan tumani (52,7), Shumanay tumani (55,6) va Konimex tumani (58,3) qayd etildi.
Bitiruvchilarning OTMga kirish salmogʻi boʻyicha Navoiy shahri (47,4), Zarafshon shahri (43,5),Qorovulbozor tumani (41,4), Uchquduq tumani (40,1) va Qiziltepa tumani (38,5) oʻquvchilari eng yaxshi natija qayd etgan boʻlsa, Toshkent tumani (2,2), Yangi Namangan tumani (3,7), Namangan shahri (5,8), Urgut tumani (7,8) va Soʻx tumani (8,3) eng past natija koʻrsatishgan. (Reyting natijalari taʼlim tashkilotlari va hududlarning 2021-yildagi faoliyatiga baho beradi, unda maʼlumotlar 2022-yil 1-yanvar holatiga qayd etilgan.)
Oʻqituvchilarning sifat tarkibi (oliy va birinchi toifalilar) boʻyicha tahlil qilinganda Xorazm (33 %), Namangan (29,84%) va Buxoro (29,8%) yetakchilik qilgan boʻlsa, bu borada eng past koʻrsatkich Surxondaryo (15%), Qashqadaryo (15,1%) va Samarqand (15,3) viloyatlarida kuzatilgan.
Mahalliy byudjetning orttirilgan mablagʻlari hisobidan maktab taʼlimini rivojlantirish uchun qilingan xarajatlar boʻyicha:
2021-yilda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 100 foiz maktablar boʻyicha bir nafar oʻquvchiga oʻrtacha 31 ming 390 soʻm xarajat ajratilgan.
Bu borada hududlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi (161 350 soʻm), Navoiy viloyati (118 650 soʻm), va Buxoro viloyati (69 920 soʻm) eng faol ekanligi maʼlum boʻldi.
Quyi oʻrinlarda esa Fargʻona (5 600 soʻm), Qashqadaryo (11 460 soʻm) va Samarqand (11 510 soʻm) viloyatlari qayd etildi.
Tuman(shahar)lar boʻyicha Qonlikoʻl (628 227 soʻm), Qoraoʻzak (447 412 soʻm), Taxtakoʻpir (424 773 soʻm), Kegeyli (380 162 soʻm) va Nurota (373 296 soʻm) tumanlari eng koʻp mablagʻ ajratgan.
16 ta tuman (shahar)larda hokimliklar tomonidan maktab taʼlimini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetning orttirilgan mablagʻlari hisobidan mablagʻ ajratilmagan.
Bular: Arnasoy, Zarbdor, Mirzachoʻl, Yangiobod, Nishon, Norin, Qorovulbozor, Qumqoʻrgʻon, Muzrobod, Oltinsoy, Uzun, Jalaquduq tumanlari hamda Qarshi, Angren, Chirchiq, Kattaqoʻrgʻon shaharlari.
Oʻquvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlili boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Fargʻona (491 ta), Toshkent shahri (165 ta) va Toshkent (142 ta) viloyatlarida qayd etilgan.
Oʻquvchilar tomonidan eng kam jinoyat sodir etgan hududlar esa quyidagilar: Jizzax viloyatida 23 ta, Sirdaryoda 25, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (27).
Tuman (shahar)lar orasida eng koʻp jinoyatlar soni: Qoʻqon shahrida 92 ta, Fargʻona shahrida 74 ta va Oʻzbekiston tumanida 39 tani tashkil etgan. 30 ta tuman (shahar)larda esa oʻquvchilar tomonidan jinoyat sodir etilmagan.
Chet tillarini bilish boʻyicha sertifikat olgan oʻquvchilar salmogʻi koʻra eng yuqori top-10 talikdan Mirobod tumani, Navoiy shahri, Yunusobod tumani, Zarafshon shahri, Urganch shahri, Qorovulbozor tumani, Buxoro shahri, Jondor tumani, Kogon shahri va Vobkent tumanlari joy olgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich boʻyicha Arnasoy, Sayxunobod, Kasbi, Kegeyli, Qoraoʻzak, Bandixon, Tayloq, Toshkent, Uchkoʻprik va Sherobod tumanlarida boshqa hududlarga nisbatan pastroq natija kuzatilgan.
Shuningdek, maktab oʻqituvchilari orasida chet tillaridan sertifikatlarga ega boʻlganlar ulushi boʻyicha Yunusobod tumani, Gʻozgʻon, Buxoro, Kogon, Ohangaron, Chirchiq, Termiz, Nurafshon, Angren va Yangiyoʻl shaharlari top-10 talikdan joy olgan boʻlsa, Zafarobod, Oqoltin, Qoʻngʻirot, Taxiatosh, Bulungʻur, Tayloq, Qoʻshrabot, Oltinsoy tumanlari hamda Xonobod va Yangiyer shaharlarida ushbu koʻrsatkich boʻyicha nisbatan pastroq natija qayd etilgan.
Barcha maktablar reytingidan tashqari, Taʼlim inspeksiyasi tomonidan Respublikadagi jami maktablarning 10 foizini xalqaro tadqiqotlar talablari asosida oʻquvchilarning oʻqish va matematik savodxonlik darajasi aniqlandi.
Buning uchun jami 14 ta hududdagi 207 ta tuman va shaharlarda joylashgan 985 ta (10%) maktab hududlar kesimida (xalqaro tajribadan kelib chiqib, shahar tuman va olis hududlarga ajratgan holda) tasodifiy tanlab olinib, xalqaro PISA va TALIS tadqiqotlarining metodologiyasi asosida sinovlar oʻtkazildi. 985 ta maktabdan 88 tasi shaharda, 827 tasi tumanlarda va 70 ta olis hududlarda joylashgan.
Ushbu tadqiqotda asosan maktablardagi taʼlim sifatiga qaratilgan boʻlib, aksariyat maʼlumotlar joyiga chiqib oʻrganish orqali shakllantirildi. Tasdiqlangan nizomga koʻra 10% maktablar kompyuter dasturi orqali inson aralashuvisiz ixtiyoriy tanlab olindi.
Ushbu tadqiqotlarda 22 691 nafar oʻquvchi ona tilidan, 22 694 oʻquvchi matematikadan, 22 694 nafar oʻquvchi fizikadan nazorat ishlarida, 20 763 oʻquvchi va
30 072 oʻqituvchilar ijtimoiy soʻrovnomalarda ishtirok etdilar.
Olingan natijalar va maktablar faoliyati yangilangan mezonlar asosida 7 ta indikator boʻyicha baholanib tahlil qilindi.
Oʻqish savodxonligi (berilgan matn asosida mantiqiy savollarga javob berish) boʻyicha nazorat ishlarida 22691 nafar oʻquvchi ishtirok etib, shundan 9752 nafari (43%) ijobiy natija qayd etishdi.
Navoiy viloyati (58,9%) 1-oʻrin, Buxoro viloyati (54,3%) 2-oʻrin va Qoraqalpogʻiston Respublikasi (52,6%) 3-oʻrin;
Andijon (30,0%), Namangan (34,0%) va Qashqadaryo (38,1%) viloyatlari oxirgi oʻrinlarni egallashdi.
Ona tili boʻyicha sinovda ishtirok etgan oʻquvchilarning bilimi mavzular kesimida tahlil qilinganda leksikologiya boʻyicha 80,04 %, kreativ (mantiqiy) fikrlash boʻyicha 69,69 %, grammatika boʻyicha 49,24 %, ijodiy fikrlash boʻyicha 48,64 %, savodxonlik boʻyicha 45,69 % ni tashkil etadi.
Matematik savodxonlik boʻyicha 22694 nafar oʻquvchi ishtirok etib, shundan 8409 nafari (37 %) ijobiy natija qayd etishdi. Oʻtgan yilga nisbatan matematik savodxonlik darajasi 18,2% ga oshgan.
Xorazm viloyati (60,7%) 1-oʻrin, Navoiy viloyati (54,8%) 2-oʻrin va Buxoro viloyati (52,7%) 3-oʻrin;
Fargʻona (21,7%), Toshkent (23,0%) va Namangan (23,8%) viloyatlari oxirgi oʻrinlarni egallashdi.
Matematika fani boʻyicha oʻtkazilgan nazorat ishlarining 3 yillik natijalari tahliliga koʻra oʻquvchilarning ijobiy natijalari 12 foizdan 37 foizga (2020 y 12 %, 2021 y 19 %, 2022 y 37 %) oshgan.
Matematika boʻyicha nazorat ishlari natijalarini mavzular kesimida tahlil qilinganda oʻquvchilar tenglamalarda 51,18 %, hayotiy masalalarda 36,31 %, geometrik shakllar esa 34,05 %lik natija qayd etishgan.
Maktablar reytingi jarayoniga ilk marotaba tabiiy fan (Fizika) ham qoʻshildi. Fizika boʻyicha 22694 nafar oʻquvchi ishtirok etib, shundan 5851 nafari (26%) ijobiy natija qayd etishdi.
Xorazm viloyati (45,0%) 1-oʻrin, Navoiy viloyati (40,8%) 2-oʻrin va Buxoro viloyati (40,1%) 3-oʻrin;
Namangan (11,0%), Fargʻona (11,5%) va Toshkent (12,4%) viloyatlari oxirgi oʻrinlarni egallashdi.
Fizikadan nazorat boʻyicha nazorat ishlari natijalarini mavzular kesimida tahlil qilinganda oʻquvchilar kinematikadan 44,73 foizni, harakatga oid mavzular 23,52 foizni, elektrodinamika esa 25,20 foizlik natija qayd etishgan.
Maktab oʻqituvchilari jamoasi bilan TALIS-xalqaro tadqiqotlari savollari asosida oʻtkazilgan soʻrovnomalar oʻqituvchining professional faoliyatini tekshirishga imkoniyat berdi.
Soʻrovnoma davomida oʻqituvchilar oʻz kasbiy tayyorgarligi, pedagogik faoliyati, shaxsiy fikr-mulohazalari, maktab sharoiti haqida maʼlumotlarni bayon qilishgan.
Shuningdek, maktab oʻquvchilari bilan ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazildi, bunda jami 20 763 nafar yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.
Maktablar reytingiga oid barcha maʼlumotlar taʼlim sohasidagi vakolatli organlar va tashkilotlarga taqdim etiladi.
Reyting natijalari asosida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim:
Reytingda past natija koʻrsatgan maktablar va hududlar uchun maxsus uslubiy yordam koʻrsatish, ularda taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha yoʻl xaritalari ishlab chiqish va har chorakda monitoringi olib borish;
Reytingda yuqori natija koʻrsatgan maktablar tajribasini ommalashtirish;
Reyting natijalaridan kelib chiqib, direktorlar va ularning oʻrinbosarlari, oʻqituvchilar, hokimlar va ularning taʼlim boʻyicha maslahatchilari faoliyatiga baho berish;
Rahbar xodimlar, pedagog va oʻqituvchilarning faoliyati samaradorligini hisobga olib, moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirish.
Prezidentimiz farmoniga koʻra tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumtaʼlim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantiriladi.
Xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va metodistlariga, umumtaʼlim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta oʻrinlarni egallagan umumtaʼlim muassasalarining 2 nafar oʻqituvchiga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yoʻllanmalar beriladi.
Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sogʻlom raqobat muhitni shakllantirish, muassasalarda taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.