× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Jahon banki bilan oliy taʼlimda raqamli transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi

21 May 2022

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi YUNESKOning Butunjahon oliy taʼlim anjumanida ishtirok etish uchun Ispaniyaning Barselona shahrida boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati va Jahon banki maslahatchisi Marito Garsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi kundagi holati, oliy taʼlimda sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish, oliy taʼlimni raqamlashtirish, boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda jarayonlarni takomillashtirish boʻyicha istiqboldagi rejalar bilan bogʻliq qator masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Marito Garsiyaga uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirar ekan, oʻzaro hamkorlik aloqalarining bugungi kundagi holati va istiqboldagi rejalar haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan bugungi kunda barcha sohalarni takomillashtirishda avvalo taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Jahon banki koʻmagida amalga oshirilayotgan qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohasidagi loyihalarda ham salohiyatli kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini muntazam ravishda oshirib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda esa sifat koʻrsatkichlarini oshirib borish ham oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shuningdek, 2021-yilga qadar Oʻzbekistonda masofaviy taʼlim amaliyoti mavjud emas edi. Ayni kunlarda oliy taʼlimda jarayonlarni raqamlashtirish va taʼlimning ushbu turi boʻyicha ham talablar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonda esa xalqaro tajribalarni oʻrganish va tizimga joriy etishda Jahon bankining koʻmagi biz uchun foydali boʻladi”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Oʻz navbatida Jahon banki maslahatchisi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi tomonidan fikrlarini qoʻllab-quvvatlar ekan, ushbu yoʻnalishda oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Oʻzbekiston tomonidan taʼlim va qishloq xoʻjaligi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardormiz. Oʻtgan davr mobaynida bu yoʻnalishda sezilarli oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda.

Mazkur jarayonlarda qishloq xoʻjaligida malakali kadrlarni tayyorlash va tadqiqotlar samaradorligini oshirish uchun, AQSHning Pensilvaniya universiteti tajribasini oʻrganish, oʻylaymanki, Oʻzbekiston uchun har jihatdan foydali boʻladi.

Shuningdek, oliy taʼlim tizimini raqamlashtirishda Hindiston tajribasi mamlakatingiz uchun foydali namuna boʻlishi shubhasiz. Ushbu yoʻnalishlarda esa Jahon banki koʻmaklashishga doim tayyor”, – dedi Marito Garsiya.

Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlik va muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun, Marito Garsiya 19 yil davomida Jahon bankining Vashingtondagi ofisida katta xodim, Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasi uchun taʼlim sektori menejeri, Afrika uchun yangi iqtisodiyot koʻnikmalari va elektron taʼlim dasturlari boʻyicha yetakchi iqtisodchi sifatida faoliyat yuritgan. Amaliyotchi menejer sifatida 32 ta mamlakatdagi 52 loyihadan iborat taʼlim portfellarini boshqargan.