× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Oliy taʼlimda Turkiya bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

5 Oktabr 2022

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda poytaxtimizda Ipak yoʻli konferensiyalari turkumiga kiruvchi SIRCON 2022 “Bir makon, bir yoʻl: imkoniyatlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

Joriy yilning 5-oktyabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida ushbu konferensiyada ishtirok etayotgan oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda Turkiyadagi Nejmiddin Erbakan universiteti prorektori Zekeriye Mizrak, universitetning Siyosat Bilimlari fakulteti dekani Birol Merjan, Qozogʻistonning Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti Jengiz Tomar, Shimoliy Makedoniyaning Fanlar va sanʼat akademiyasi rektori Numan Aruj va Toshkent shahridagi Alfraganus universiteti rektori Farmonqul Egamberdiyev ishtirok etishdi.

Uchrashuv kun tartibidan Oʻzbekiston va Turkiya universitetlari oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga doir qator masalalar oʻrin oldi.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, qardosh xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro tajriba almashish har ikki mamlakat vakillari uchun foydali boʻlishini taʼkidladi.

“Soʻnggi yillarda yurtimizda oliy taʼlim qamrovini oshirish, nufuzli xorijiy universitetlar filiallarini ochish va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni qoʻlga qoʻyish, ularning tajribasini oʻrganish va professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish taʼlim sifatining oshishiga va turli innovatsion yondashuvlarning yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qiladi.

Yangi ochilgan Alfraganus universitetining tez fursat nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, xalqaro konferensiya kabi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Siz bilan bugungi uchrashuvimiz boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan ham amaliy hamkorlikning kuchayishiga va hamkorlik yirik loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi deb umid qilamiz”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Oʻz navbatida Nejmiddin Erbakan universiteti prorektori Zekeriye Mizrak, Qozogʻistonning Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti Jengiz Tomar va Shimoliy Makedoniyaning Fanlar va sanʼat akademiyasi rektori Numan Aruj Taʼlim inspeksiyasi boshligʻiga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Turkiya va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan oʻz fikrlari bilan bildirishdi.

“Turkiya va Oʻzbekiston azaldan qardosh xalqlar sifatida turli sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirib kelmoqda.

Turkiyada oliy taʼlim muassasalari oʻz oldiga asosan 3 maqsadni qoʻyadi: bilim berish, yoshlarni yaxshi inson sifatida yetishtirish hamda ularni jamiyat uchun foydali kadrlar sifatida shakllantirish. Shundan kelib chiqib, ayta olamanki, agar bir mamlakatda oliy taʼlim tizimi rivojlanmas ekan, jamiyat ham taraqqiy etmaydi.

Shunday ekan, bu borada oʻzaro tajriba almashish hamda muntazam hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish ham ikki tomon uchun ham foydali boʻladi”,– dedi Nejmiddin Erbakan universiteti prorektori.

Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishga kelishib olindi.