× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Barcha maktablarda 4-sinf bitiruvchilarini fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarga saralab olish tizimi joriy etiladi

27 Mart 2021

Copy of Copy of Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.png

Joriy yil 26-mart kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Davlat test markazi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining “Umumiy oʻrta taʼlim maktablari 4-sinf bitiruvchilarini fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarga saralab olish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 4-sinf bitiruvchilarining oʻqishini kelgusida ixtisoslashtirilgan sinflarda davom ettirish maqsadida ularni saralab olish tizimi hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ixtisoslashtirilgan sinflarni tashkil etish mezonlari tasdiqlandi.

Belgilanishicha:

a) oʻquvchilarning qiziqishi va qobiliyatlarini inobatga olgan holda ixtisoslashtirilgan sinflar quyidagicha tashkil etilishi mumkin:

oʻquvchilarning aql-idrok darajasi va erishgan natijalari asosida muayyan fanlarga ixtisoslashtirilgan doimiy sinflar;

oʻquvchilarning qobiliyati va qiziqishidan kelib chiqqan holda muayyan fan doirasida turli sinflardan guruhlar koʻrinishida jamlanadigan oʻzgaruvchan sinflar;

b) umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 4-sinf bitiruvchilarini fanlar boʻyicha saralash va yoʻnaltirish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish
va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan oʻquvchilarning qiziqishi va mayllarini aniqlash boʻyicha ishlab chiqilgan psixologik-pedagogik diagnostika metodikalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi;

v) fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarga hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish, tegishli fanlardan sinovlar oʻtkazish va oʻquvchilarni ixtisoslashtirilgan sinfdan chetlatish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2011-yil 26-dekabrdagi 38 va 42 q/q-son qarori (roʻyxat raqami 2321, 2012-yil 1-fevral) bilan tasdiqlangan Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi;

g) fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarning yoʻnalishlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilanadi;

d) fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etish imkoniyati mavjud boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida maxsus fan toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari 4-sinf bitiruvchilarining oʻqishini kelgusida ixtisoslashtirilgan sinflarda davom ettirish maqsadida ularni saralab olish tizimini joriy etishda vazirlik va idoralarning vazifalari quyidagilar etib belgilanmoqda.

Qarorda Xalq taʼlimi vazirligiga:

oʻquvchilarning qiziqishlarini hisobga olgan holda, fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarni tashkil etish;

fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarga oʻquvchilarni saralab olish hamda mazkur jarayonda ota-onalarning murojaatlarini koʻrib chiqish masalalarini muvofiqlashtirish;

fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflar uchun fanlar kesimida namunaviy (variativ) oʻquv rejalarini tayyorlash va oʻquv jarayoniga joriy etish;

umumiy oʻrta taʼlim maktablari tomonidan ixtisoslashtirilgan sinflarni tashkil etish mezonlariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash;

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga:

har yili oʻtkaziladigan umumiy oʻrta taʼlim maktablari milliy reytingi hamda pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etish;

fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarda taʼlim sifati va samaradorligini monitoring qilish va uni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berib borish;

Davlat test markaziga:

umumiy oʻrta taʼlim maktablarining ixtisoslashtirilgan 5-sinflari uchun tanlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan muddatda oʻtkazilishini taʼminlash;

umumiy oʻrta taʼlim maktablari 4-sinf bitiruvchilarini fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarga saralash jarayonida oʻquvchilarning koʻrsatgan natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etish;

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga:

fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarni tashkil etish boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim maktablariga metodik yordam koʻrsatish;

fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflarda faoliyat koʻrsatuvchi pedagog kadrlarning malaka va mahoratini oshirishda Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlik qilish kabi vazifalar belgilandi.

Қўшма_қарор_оргинал_ТЕСТ_марказини_таклифи_2.jpg