Litsenziya talablari
Litsenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:
1) ariza;
arizada quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, elektron pochtasi (mavjud boʻlsa), taʼlim faoliyatini amalga oshirish manzili, bank muassasasining nomi va bank hisob varagʻi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, taʼlim faoliyati yoʻnalishlari roʻyxati, ariza toʻldirish sababi (yangi litsenziya olish, qayta rasmiylashtirish), litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishga roziligi;
2) pedagog kadrlar haqida maʼlumot;
3) oʻquv rejasi va dasturlarining elektron nusxalari;
4) taʼlim-tarbiya faoliyati yuritiladigan binoga (xonalarga) mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqning mavjudligi (oldi-sotdi shartnomasi yoki koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi (agar bino ijaraga olingan boʻlsa), koʻchmas mulk obyekti kadastr pasporti, koʻchmas mulk obyektiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar);
5) arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan yigʻim (bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari).
Ushbu hujjatlar license.gov.uz litsenziya axborot tizimi orqali yuboriladi.
Litsenziya berishda kelishiladigan organlar: (Litsenziya axborot tizimi orqali kelishiladi, tizim oʻzi avtomatik ravishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalariga yuboradi)
a) davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan mavjud binolar va xonalarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosa (5 ish kuni ichida);
b) sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosa (5 ish kuni ichida);
v) Maktabgacha taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining xulosalari (faqat ixtisoslashtirilgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalashda) (5 ish kuni ichida).
Maʼlumot uchun
I. Nodavlat taʼlim sohasida umumiy litsenziya talablari va shartlari:
a) taʼlim-tarbiya faoliyati yuritiladigan binoga (xonalarga) mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqning mavjudligi (oldi-sotdi shartnomasi yoki koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi (agar bino ijaraga olingan boʻlsa), koʻchmas mulk obyekti kadastr pasporti, koʻchmas mulk obyektiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar)*;
b) taʼlim-tarbiya jarayonini davlat taʼlim standartlariga (davlat taʼlim talablariga), oʻquv reja va dasturlariga, shuningdek, taʼlim tashkilotlari tomonidan mustaqil ishlab chiqilib, litsenziya olish paytida taqdim etilgan oʻquv dasturlariga muvofiq tashkil etish;
v) taʼlimning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda boʻlishi, taʼlim jarayonida urushni, zoʻravonlikni targʻib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinligi kamsitilishiga, taʼlim oluvchilar jinsiga koʻra ajratib oʻqitilishiga (qonunchilikda ayrim oʻquv fanlarni ajratib oʻqitish boʻyicha belgilangan holatlar bundan mustasno), mamlakatdagi xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va maʼnaviy asoslari, fuqarolar osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna solinishiga, Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻrisida notoʻgʻri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari buzib koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik*;
g) taʼlim tashkiloti, taʼlim oluvchilar va pedagog xodimlar toʻgʻrisidagi toʻgʻri, toʻliq va ishonchli maʼlumotlarni Taʼlim inspeksiyasining “Uzluksiz taʼlim” axborot tizimiga kiritish va har chorakda yangilab borish (maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi subyektlar “Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimi”ga ham ushbu maʼlumotlarni kiritib boradi)*;
d) taʼlim jarayonini qonunchilik hujjatlari bilan davlat taʼlim muassasalari uchun belgilangan kiyinish talablariga hamda taʼlim tashkilotining ichki tartib-qoidalariga va odob-axloq qoidalariga rioya qilgan holda tashkil qilish;
ye) oliy taʼlim tashkilotida vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bilan shugʻullanadigan rektor maslahatchisi shtat birligi mavjudligi*;
j) nodavlat taʼlim tashkilotiga oʻqishga qabul qilish, oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilish*;
z) bitiruvchilarga belgilangan tartibda taʼlim toʻgʻrisida hujjat berish (bundan maktabgacha taʼlim xizmatlari mustasno).
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim xizmatlari boʻyicha litsenziya talablari va shartlari
Professional taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha litsenziya talablari va shartlari
Oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha litsenziya talablari
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha litsenziya talablari va shartlari
Eslatma:
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida davlat tilining ustuvorligiga erishish, oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash, geografik obyektlar nomlarining peshlavhalari va boshqa koʻrsatkichlardagi yozuvlarning davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida) ifodalanishini taʼminlash, joy nomlarini oʻzboshimchalik bilan almashtirish va buzib yozish holatlarini bartaraf etish, tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklamalarning davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy mos boʻlishini taʼminlash soʻraladi.
Shuningdek, yaxshi niyatlar bilan faoliyatini boshlamoqchi boʻlayotgan nodavlat taʼlim tashkilotingizga nom berishda ham Milliy qadriyatlarimiz, ulkan maʼnaviy meroslarimizga suyanishingiz tavsiya etiladi.