TA’LIM MUASSASALARI ATTESTATSIYASI VA DAVLAT AKREDITATSIYASI BOSH BOSHQARMASI
Attestatsiya
Taʼlim muassasasi faoliyatini baholashda davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanib, taʼlim muassasasida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat taʼlim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligini aniqlashdan iborat.
Davlat akkreditatsiyasi
Taʼlim muassasasi faoliyatining davlat taʼlim standartlari va davlat talablari mezon va talablariga javob berishining davlat tomonidan eʼtirof etilishi hamda uning bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatlarni topshirish huquqini berishdan iborat.
Faoliyatni amalga oshirish mexanizmi
Taʼlim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom” va “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari boʻyicha Yoʻriqnoma”ga asosan tashkil etiladi.
Taʼlim muassasasini akkreditatsiyalash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi.
Attestatsiya oʻtkazish tartibi
Taʼlim tashkilotlari har 5 yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkaziladi. Yangi tashkil etilgan taʼlim tashkilotlari 5 yildan soʻng attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Attestatsiya jarayonida taʼlim turlari boʻyicha taʼlim muassasalarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil etilib, asosan taʼlim-tarbiya jarayonining davlat taʼlim standartlari va davlat talablariga muvofiq tashkil etilganligi, oʻquvchi va tarbiyalanuvchilarning taʼlim-tarbiya dasturlarini oʻzlashtirish darajasi, tarbiyachi-pedagog kadrlarning salohiyati oʻquv-uslubiy ishlarning olib borilishi va oʻquvchilarning darsliklar bilan taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalar rivoji uchun oʻyinchoqlar, uslubiy qoʻllanma va bolalar adabiyoti bilan taʼminlanganligi, sport maydonchalari va zarur sharoitlarning yaratilganligi, ovqatlanish hamda dam olish xonalarining belgilangan sanitariya-gigiyenik va estetik talablarga mosligi hisobga olinadi.
Taʼlim muassasalari attestatsiyasi xolislik, toʻla oshkoralik, davriylik va pedagogik etika meʼyorlariga amal qilingan holda oʻtkazilib, Davlat inspeksiyasida attestatsiyadan oʻtuvchi taʼlim muassasasi uchun attestatsiyadan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar yigʻma jildi yigʻiladi va navbatdagi attestatsiya oʻtkazilgunga qadar saqlanadi.
Attestatsiya komissiyalarini tashkil etish va ularning tarkibi
Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun Davlat inspeksiyasi tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qaror qabul qiladi.
Attestatsiya yakunlari
Komissiya taʼlim muassasasidagi taʼlim dasturlarini attestatsiya qilib, ularda kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat taʼlim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligi haqida xulosa tayyorlaydi.
Davlat inspeksiyasi taʼlim muassasalari attestatsiyasi jarayonida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarning oʻz vaqtida bartaraf etilishini muntazam nazorat qiladi.
“Attestatsiyadan oʻtdi” deb eʼtirof etilgan taʼlim muassasasini akkreditatsiyalash uchun zarur hujjatlar Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.
Davlat akkreditatsiyasini oʻtkazish tartibi
Taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun Davlat inspeksiyasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi akkreditatsiya komissiyasi tuziladi. Akkreditatsiya komissiyasi tarkibi Davlat inspeksiyasi boshligʻining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazishda akkreditatsiya komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi masʼul xodimi jalb etiladi. Davlat inspeksiyasi boshligʻi akkreditatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi. Taʼlim muassasasini akkreditatsiyalash uchun Attestatsiya komissiyasi tomonidan taʼlim muassasasi attestatsiyasi xulosasi Akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etiladi. Taʼlim muassasasini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish haqidagi qaror hujjatlar topshirilgandan keyin bir oy muddatda qabul qilinadi.
Taʼlim tashkilotini akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ikki hafta davomida taʼlim tashkilotining davlat akkreditatsiyasidan oʻtganligi toʻgʻrisida sertifikat beriladi.
Taʼlim muassasalari attestatsiya komissiyasi va ekspertlar guruhini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish uchuní Davlat inspeksiyasi tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qaror qabul qiladi. Hududlardagi ekspert komissiyalari manfaatdor vazirliklar va idoralarning tegishli hududiy boʻlinmalarining Davlat inspeksiyasi hududiy boʻlimlari bilan kelishgan holda qabul qilingan buyrugʻi (qarori) bilan tuziladi.
Ekspert komissiyalari tarkibiga Davlat inspeksiyasi, tegishliligi boʻyicha maktabgacha, xalq taʼlimi, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport tuman (shahar) boʻlimlari, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari, manfaatdor vazirliklar va idoralarning hududiy boʻlinmalari vakillari, maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarining kuzatuv kengashlari vakillari, rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari, pedagog xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari jalb etiladi. Ekspert komissiyasi tarkibiga xorijiy ekspertlar ham jalb etilishi mumkin.
Ekspert komissiyalariga tegishliligi boʻyicha tizimida maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning hududiy boʻlinmalari masʼul xodimlari raislik qiladi. Davlat inspeksiyasi yoki uning hududiy boʻlimlari vakillari ekspert komissiyalari tarkibiga rais oʻrinbosarlari sifatida kiritiladi hamda taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholashni tashkil etish va oʻtkazish ishlarini nazorat qiladi.
Boʻlimlar
Oliy taʼlim va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi
Bogʻlanish:
Telefon: +998 71 231 07 53
Ichki raqam: 1014
Malaka oshirish va qayta tayyorlash taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi
Bogʻlanish:
Telefon: +998 71 231 07 53
Ichki raqam: 1016
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi
Bogʻlanish:
Telefon: +998 71 231 07 53
Ichki raqam: 1015
Umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi
Bogʻlanish:
Telefon: +998 71 231 07 53
Ichki raqam: 1017
Maktabgacha taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi
Bogʻlanish:
Telefon: +998 71 231 07 53
Ichki raqam: 1046